Pillachilik yurtimiz qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan sanalishi bilan birga, ipak ishlab chiqarish ota-bobolarimizning boy madaniy merosi hamdir. Shu bois, mazkur qadriyatni davom ettirish bugungi davrning muhim masalalaridan sanaladi.
Arnasoy tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi “Pillachilik sohasida kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash hamda pilla yetishtirish uchun ozuqa bazasini yanada kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-85-sonli farmoni ijrosini ta’minlash, tumanda vaqtincha ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni pillachilik sohasida kasanachilikka yo‘naltirish yuzasidan seminar tashkil etildi.
Seminarda tuman hokimi X.Alimardanov, tuman hokimining birinchi o’rinbosari Z.Ismatov, tuman hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i G.Xaydarova, pillachilik sohasi mutaxassislari, mahallalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faollari ishtirok etishdi.
Seminarda so‘zga chiqqan tuman hokimi Xurshid Alimardanov hamda tuman hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Gulzoda Xaydarova hamda “Al-Abbos Silk” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ul hodimi M.Xolbo’tayevalar mahallalarda vaqtincha ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni pillachilik sohasida kasanachilikka yo‘naltirish, kasanachilar uchun yaratib beriladigan shart-sharoit va imkoniyatlar haqida so‘z yuritdilar.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan murojaat qilishib, tegishli javob olishdi.
Arnasoy tuman hokimligi
Axborot xizmati