Телефонлар:
(0372) 372-12-44
(0372) 372-14-40
» » Navoiydan ilhomlangan ilohiy ishq kuychisi

Navoiydan ilhomlangan ilohiy ishq kuychisi

21 февраль 2024 йил
55
0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Beqiyos so‘z san’atkori Maxtumquli Firog‘iy nafaqat turkman xalqiga, ayni paytda butun Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek xalqiga ham birdek aziz va qadrli siymodir” degan so‘zlari milliy adabiyotimiz bilan qardosh turkman adabiyotining naqadar vobasta ekanini anglatadi. 

Aytish kerakki, keyingi yillarda milliy adabiyotimiz rivoji yo‘lidagi sa’y-harakatlar so‘z san’atidagi xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, ayniqsa turkiy xalqlarning alloma shoirlari ijodini o‘rganish, targ‘ib qilish, asarlarini chop etishning yangi ufqlarini ochmoqda. 

Adabiyotshunoslar fikricha, Maxtumquli naikni iste’dodli shoir, balki ulkan alloma, ahli hol, ahli hikmat bo‘lgan orif zotdir. Maxtumquli Firog‘iy turkman xalqining ming asrlik orzu-umidlarini, elning ma’naviy tayanchi va e’tiqod ramzi bo‘lgan islom dinining asroru ahkomlarini, sinovli bu dunyoda inson hayotining aziz va mukarramligini yoniq qalb bilan kuylagan ijodkordir. Turkiy xalqlarning ko‘plab ijodkorlari kabi Maxtumquli ham Alisher Navoiy ijodidan ilhom olgan, uning asarlari ta’sirida o‘zining otashin g‘azallarini yaratgan. 

TURKSOY xalqaro tashkiloti 2024 yilni Maxtumquli yili deb e’lon qilgani alloma shoir ijodini keng miqyosda o‘rganish, targ‘ib etish borasidagi hamkorlikning amaliy natijasidir. 

Ma’lumki, o‘zbek va turkman xalqlarining tarixi, madaniyati va qadriyatlari mushtarak. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Oybekning “Navoiy”, Asqad Muxtorning “Opa-singillar”, Sharof Rashidovning “Bo‘rondan kuchli” romanlari, Abdulla Qahhorning “Sinchalak” qissasi, shuningdek, Zulfiya, G‘afur G‘ulom, Mirmuhsin, Odil Yoqubov va boshqa adibu shoirlarimiz asarlari turkman tiliga tarjima qilingan. Mumtoz adabiyotimiz namoyandalari, xususan, Navoiy va Bobur ijodi turkman olimlari tomonidan faol o‘rganilmoqda. 

Turkmaniston Fanlar akademiyasi til, adabiyot va qo‘lyozmalar milliy instituti katta ilmiy xodimi Raimmammed Ko‘runov “Boburnoma” asarini turkman tiliga tarjima qilgan. Turkman shoiri Ismoil Tog‘onov Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid she’rlarini turkman tiliga tarjima qilib, chop ettirgan. O‘zbek adabiyotining turkman tiliga faol tarjimonlaridan biri sifatida Toshhovuzda yashab ijod qiluvchi shoir Abduvohid Saidmatov, tarjimon Olim To‘rayevlarni ko‘rsatish mumkin. 

Turkman adabiyoti, ayniqsa, mumtoz adabiyoti namunalari o‘zbek tiliga faol tarjima qilingan va tadqiq etilgan. O‘zbek tadqiqotchilari, ayniqsa, Maxtumquli she’riyatini ko‘p o‘rganishgan. Shoir she’rlarining o‘zbekcha tarjimasi birinchi marta taniqli adib va tarjimashunos olim Jumaniyoz Sharipov tomonidan amalga oshirildi. U tarjima qilgan shoirning uch yuz o‘n to‘rtta she’ri 1958 yili “Tanlangan asarlar” nomi bilan bosilib chiqdi. Kitobga atoqli sharqshunos Ye.Bertels yozgan so‘zboshi va professor G.Choriyev qalamiga mansub “Maxtumquli” nomli ijodiy portret xarakteridagi kattagina maqola ham ilova qilingan. O‘zbek o‘quvchilari talab va ehtiyojlarini hisobga olib, bu tarjimalar 1960 va 1963 yillarda biroz qisqartirilgan holda katta adadlarda qayta nashr etildi. “Maxtumquli she’riyatidan” deb nomlangan shoir she’rlarini o‘z ichiga olgan to‘plam esa 1976 yili 150 ming nusxada bosildi. 

Mustaqillik yillarida Maxtumquli she’rlarining yangi tarjimalari paydo bo‘ldi. Shoir va tarjimon Muzaffar Ahmad ulug‘ turkman shoirining yetmishga yaqin she’rini tarjima qilib, 1995 yili “Saylanma” nomi bilan nashr ettirdi. Toshhovuzlik Olim To‘rayev qardosh xalq so‘z san’atkorining qirq beshta yangi she’rini o‘zbekchalashtirib, “Yor, jamoling ko‘rgali” nomi ostida e’lon qildi. Taniqli shoir va tarjimon Mirzo Kenjabek Maxtumqulining 170 ta, asosan ilgari hukmron mafkura yo‘l qo‘ymagan diniy-tasavvufiy mazmundagi she’rlarini ilk bor o‘zbekchalashtirib, chop qildirdi. Bu kitob ham “Saylanma” deb atalib, undan tarjimonning “Maxtumquli – valiy shoir” degan kirish maqolasi ham o‘rin olgan. 

Shu bilan birga, turli nashrlarda Jumaniyoz Jabborov, Muhammad Ali, Oxunjon Safarov, Nosir Muhammad kabi shoirlarning ham Maxtumquli she’rlaridan qilgan tarjimalari e’lon qilindi. 

Vohid Zohidov, Vohid Abdullayev, Natan Mallayev, Rahmonqul Orzibekov, Qobil Tohirov, Rahmatulla Inog‘omov, Baxtiyor Nazarov, Nажмиддин Komilov kabi milliy adabiyotimiz darg‘alari shoir ijodini o‘zbek-turkman adabiy aloqalari nuqtai nazaridan o‘rganishgan. Ustoz adabiyotshunoslar G‘aybulla Salomov, Rahmatulla Barakayev, Masharif Saparov shoir asarlarining o‘zbekcha tarjimalari yuzasidan tadqiqotlar olib bordilar. Oxunjon Sobirov, Mamatqul Jo‘rayevlar Maxtumquli va o‘zbek folklori munosabatlarini atroflicha tadqiq etishgan. Ibrohim Haqqul Maxtumquli she’riyatining mavzu ko‘lami va obrazlar olamini tahlil qildi, Ahmad Yassaviyning shoir ijodiga ta’sirining ayrim nuqtalarini ko‘rsatib o‘tdi. 

Filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim Maxtumqulining otasi, shoir Ozodiyning g‘azallarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, chop ettirgan. 

O‘zbek-turkman adabiy aloqalarining bugungi kunida ham bir qancha ahamiyatli voqealarni ko‘rsatish mumkin. 

2017 yil 19 mayda Toshkentda ulug‘ turkman shoiri Maxtumqulining haykal-barelefi ochildi. Shu munosabat bilan haykal joylashgan ko‘chaga Maxtumquli nomi berildi. Maxtumquli haykal-barelefi muallifi – yosh haykaltarosh Jasvand Annazarov. 

2017 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi munosabati bilan Ashxoboddagi markaziy ko‘chalardan biriga Alisher Navoiy nomi berilgan. Ilhom xiyobonida Alisher Navoiyga haykal o‘rnatilgan. 

O‘zbekistonda Turkmaniston Milliy kengashi Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning “Baxtli hayot sog‘liqdan boshlanar”, “Madaniyat – xalqning bebaho xazinasi”, “Barhayot afsona”, “Choy – shifo va ruhiy quvvat manbai” nomli asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan. 

2022 yilda chop etilgan “Turkiy adabiyot namunalari” 100 jildlik asarlar majmuasining 9 ta jildi turkman adabiyotiga ajratilgan bo‘lib, unda turkman mumtoz adabiyotidan to bugungi kunda ijod qilayotgan shoir va yozuvchilarning asarlari o‘zbek tiliga tarjimada kiritilgan. Turkmaniston adabiyotiga ajratilgan jildlar Ozodiy g‘azallari bilan boshlanadi. Turkman mumtoz adabiyotidan Mullanafas, Maxtumquli, Andalib, Zaliliy, Kamina, Oshiqiy, XX asr adabiyotidan Xidir Deryayev, Berdi Kerboboyev, Qayum Tangriquliyev, Oraz Yag‘mur, Otajon Tog‘on romanlari kiritilgan. 

Zamonaviy turkman she’riyati va nasri antologiyasiga Qora Seytli, Berdinazar Xudoynazarov, Nuri Bayramov, Omongo‘zal Shoquliyeva kabi shoirlar, Beki Saytaqov, Orazqul Onnayev, Qadammurat Atoyev kabi yozuvchilarning hikoyalari kiritilgan. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” nomli 100 ta kitobdan iborat majmuani nashrga tayyorlash ishlarini boshlayapti. Bu majmuaga turkman bolalar adabiyoti vakillarining asarlarini ham kiritish nazarda tutilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha imzolagan “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori o‘zbek va turkman xalqlari adabiyoti, ma’rifatidagi hamohanglikning, mustahkam adabiy rishtalarimizning yana bir yorqin namunasidir.

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг

Тавсия этамиз:

KONSTITUTSIYA YANGILANIShIGA QANDAY ZARURAT BOR EDI?
07 декабрь 2023, Четверг
KONSTITUTSIYA YANGILANIShIGA QANDAY ZARURAT BOR EDI?
AHOLI RO’YXATGA OLISHNING ASOSIY PRINSIPLARI
28 июль 2022, Четверг
AHOLI RO’YXATGA OLISHNING ASOSIY PRINSIPLARI
QONUN   USTUVORLIGI
30 май 2022, Понедельник
QONUN USTUVORLIGI
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар