Tumanda 2022-yilda transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida
Tumanda 2022-yilda transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida
O‘zbekistan Respublikasining “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2021 yil 9 martdagi 125-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga (keyingi o‘rinlarda-Nizom) muvofiq transport vositalarining 2022 yilda majburiy texnik ko‘rigini tashkil qilish maqsadida, O‘zbekistan Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan
QАROR QILАMАN:
- Arnasoy tuman Ichki ishlar bo‘limining 2022 yil 5 martdagi 32/394- sonli xatini inobatga olinsin hamda tuman hududidagi mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan transport vositalari majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilsin.
- Tumanda transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha tuman komissiyasi tarkibi 1-ilovaga, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan transport vositalarining 2022 yilgi majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik ko‘rikdan o‘tkazilsin:
- tijorat asosida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yengil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va o‘rindiqlar soni 8 ta va undan ortiq bo‘lgan (haydovchining o‘rnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, og‘ir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularning tirkamalari – bir yilda ikki marta;
- ishlab chiqarilganiga olti yildan ko‘p bo‘lmagan transport vositalari (mazkur bandning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan transport vositalaridan tashqari) - ikki yilda bir marta;
- ishlab chiqarilganiga olti yildan ortiq bo‘lgan, shuningdek, ishlab chiqarilgan vaqti aniq bo‘lmagan transport vositalari (mazkur bandning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan transport vositalaridan tashqari) - bir yilda bir marta;
- tirkamalar texnik ko‘rikka transport vositasi - shatakchi uchun belgilangan
muddatlarda;
- navbatdagi texnik ko‘rikdan o‘tkazishning ilgari o‘rnatilgan muddatlaridan qatʼiy nazar, ularni Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (keyingi o‘rinlarda - DYHXX) organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) vaqtida (birinchi marta ro‘yxatga olinayotgan yangi transport vositalari bundan mustasno).
- Mazkur qarorning 3-bandi ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan transport vositalarining texnik ko‘rigi:
birinchi marta – 1 mart - 30 iyunda;
ikkinchi marta – 1 sentyabr - 31 oktyabrda o‘tkaziladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boshqa transport vositalarining texnik ko‘rigi 1 yanvar – 31 dekabrda o‘tkaziladi.
- Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tuman komissiyasi rahbariga - transport vositalarining texnik ko‘rikdan o‘tkazishda:
transport vositasini ro‘yhatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomada (texnik pasportda, texnik talonda) ko‘rsatilgan maʼlumotlarga transport vositasi turi, markasi, modeli, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqami belgilari, shassi (rama), kuzov va dvigatelning identifikatsiyalash raqamlarining muvofiqligi;
transport vositasining texnik holati va jihozlari texnik reglamentlar, standartlar talablariga, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari va normalariga muvofiqligi;
mahsus va tezkor xizmatlarning transport vositalarida maxsus rangli va ovozli signallar qurilmalarining mavjudligi, sozligi va qonuniyligi, shuningdek, transport vositasining rang-grafik bo‘yash sxemalarining texnik reglamentlar yoki standartlar talablariga muvofiqligi;
gaz yonilg‘isida ishlash uchun qayta jihozlangan transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazishda gaz ballonlarining foydalanish muddati, ishlab chiqarilgan yili, zavod raqami, gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish muddatlari, gaz balloni anjomlarining belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirilishini taʼminlasin.
- Transport vositalarining majburiy texnik ko‘rigi DYHXX organlari hamda tadbirkorlik subʼektlari - yuridik shaxslar tomonidan Nizomga muvofiq o‘tkaziladi hamda tegishli yig‘im undiriladi.
Transport vositalarining texnik holati va uskunalarining muvofiqligini baholash uchun DYHXX organlari tomonidan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning texnika bazalari, shuningdek, xususiy texnik xizmat ko‘rsatish stantsiyalari shartnoma asosida jalb etilishi mumkin.
Jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan M1 toifadagi transport vositalari faqat tadbirkorlik subʼektlari tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
- Tumandagi barcha transport vositalari egalari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga texnik ko‘rikdan o‘tkazish jadvali asosida transport vositalarini texnik jihatdan sozligini o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazish majburiyati yuklatilsin.
- Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 martdagi “Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 125-sonli qarorining 3-bandiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati harbiy bo‘linmalarining transport vositalari mazkur idoralar tomonidan belgilangan tartibda majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi inobatga olinsin.
- Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Tuman hokimining 2021 yil 16 fevraldagi “Tumanda 2021 yilda transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi HQ-203-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
- Tuman hokimligi Аxborot xizmati rahbari R.Nurmamatovga tuman hududida mavjud transport vositalarining yillik majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish ommaviy axborot vositalari va “Arnasoy tongi” gazetasida keng yoritib borilsin.
- Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
- Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining o‘rinbosari F.Adilov zimmasiga, ijrosini tashkil etish tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i R.Ummatqulov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi X.Alimardanov
Онлайн: tumanda-2022-yilda-transport-vositalarini-majburiy-texnik-korikdan.pdf