Телефонлар:
(0372) 372-12-44
(0372) 372-14-40
» » PENSIYA TA’MINOTI BILAN BOGʻLIQ HUQUQLARNI SUD ORQALI HIMOYA QILISH USULLARI

PENSIYA TA’MINOTI BILAN BOGʻLIQ HUQUQLARNI SUD ORQALI HIMOYA QILISH USULLARI

11 февраль 2022 йил
5 750
0

Oʻzbekiston Respublika Konstitutsiyasining 39-moddasiga koʻra, har kim qariganda, mehnat layoqatini yoʻqotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum boʻlganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega.

Davlat tomonidan beriladigan pensiya ta’minoti fuqarolarining qariganda, mehnat qobiliyatini yoʻqotganda, boquvchisini yoʻqotganda hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarish va ularni moddiy tomondan ta’minlashdan iborat boʻlgan ijtimoiy himoya shakli hisoblanadi. Pensiya fuqarolarga qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda toʻlanadi.

Bugungi kunda pensiya oluvchilar yurtimizda koʻpchilikni tashkil qiladi. Pensiya oluvchilar boshqa fuqarolarga nisbatan ijtimoiy himoyaga muhtoj ekanligi barchamizga ma’lum. Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, pensiya ta’minoti oluvchi shaxslarga pensiya tayinlash va toʻlash bilan bogʻliq muammo va kamchiliklar amaliyotda hozirgi kunga qadar koʻplab hollarda uchrab kelmoqda.

Bu esa, oʻz navbatida pensiya ta’minotiga muhtoj boʻlgan shaxslarning pensiya olishga boʻlgan huquqlari va qonuniy manfaatlariga ta’sir koʻrsatmoqda. Buning asosiy sababi davlat organlarining pensiya tayinlash bilan bogʻliq boʻlgan moddiy va protsessual qonun normalarini notoʻgʻri qoʻllashda namoyon boʻlmoqda.

Bundan tashqari, pensiya tayinlashga vakolatli boʻlgan organlar tomonidan fuqarolarga pensiya tayinlanayotganda ularning yoshi, ish staji va pensiya tayinlashga asos boʻluvchi boshqa holatlar inobatga olinmasdan pensiya tayinlashni soʻrab murojaat etgan fuqarolarga asossiz ravishda pensiya tayinlash rad etilmoqda.

Shu munosabat bilan fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti bilan bogʻliq huquqlari fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar hamda ma’muriy sudlarda himoya qilib kelinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi “Davlat pensiya ta’minoti bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi 44-sonli qarorining 5-bandiga koʻra, davlat pensiya ta’minotiga oid huquqni amalga oshirish bilan bogʻliq quyidagi ishlar fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda koʻrilishi mumkin:

ish staji toʻgʻrisidagi hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, mehnat faoliyati davrlarini belgilash haqidagi;

ish stajini tasdiqlovchi hujjatning tegishlilik faktini belgilash haqidagi;

ish oʻrinlarining attestatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar mavjud boʻlmaganda, oʻta zararli va oʻta xavfli mehnat sharoitlarida ishlaganlik faktini belgilash haqidagi.

Ushbu roʻyxat tugal hisoblanmaydi va arizani ish yurituviga qabul qilish masalasini hal qilish vaqtida har qanday huquq buzilishi sud orqali tiklanishi mumkinligidan, shuningdek, fuqarolarning shaxsiy, mulkiy huquqlarining vujudga kelishi, oʻzgarishi va bekor boʻlishi bilan bogʻliq har qanday fakt belgilanishi mumkinligidan kelib chiqish lozim boʻladi.

Ma’muriy sudlarda quyidagi ishlar fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti bilan huquqlarini ta’minlash yoki tiklash haqidagi ishlar sifatida koʻrilishi mumkin:

- Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasining arxivdan ish haqi toʻgʻrisidagi ma’lumot chiqmaganligi sababli muayyan mehnat faoliyati davrini ish stajiga qoʻshmaslik bilan bogʻliq harakatini qonunga xilof deb topish yoki qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi;

- Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasining arxivdan sugʻurta badali toʻlanganligi toʻgʻrisidagi ma’lumot chiqmaganligi sababli muayyan mehnat faoliyati davrini ish stajiga qoʻshmaslik bilan bogʻliq harakatini qonunga xilof deb topish yoki qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi;

- Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasining ish oʻrni attestatsiyasi mavjud emasligi sababli imtiyozli pensiyaga chiqishni rad qilish bilan bogʻliq harakatini qonunga xilof deb topish yoki qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi;

- Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasining ish haqi yoki mehnat faoliyatini tasdiqlovchi ma’lumotlardagi yozuvlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardagi ma’lumotlarga mos kelmaganligi sababli pensiya tayinlashni rad qilish bilan bogʻliq harakatini qonunga xilof deb topish yoki qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi;

- Pensiya jamgʻarmasining pensiya tayinlash boʻyicha komissiyasining pensiya tayinlashni rad etish, pensiyani bir turdan boshqa turga oʻtkazishni rad etish, pensiyadan chegirmalar qilish toʻgʻrisidagi qarorlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi va boshqalar.

Bunday toifadagi ishlar, ya’ni budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi yoki boshqa organning qarorini gʻayriqonuniy deb topish haqidagi ishlar ariza tartibida, mansabdor shasxning harakatini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish haqidagi ishlar esa, shikoyat tartibida koʻriladi.

Najmiddin MAMADALIYEV

Mirzacho‘l tuman Yuridik markaz

bosh yuriskonsulti

 

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг

Тавсия этамиз:

Pensiya va nafaqalar
16 январь 2022, Воскресенье
Pensiya va nafaqalar
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар